Mamlakatimizda demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq hamda erkinliklarini taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotganligiga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Shu maqsadda muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur farmon bilan “O'zbekiston-2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Ushbu strategiya mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlarini belgilab bergan muhim hujjatdir. Strategiyaning IV-yo'nalishi qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish, adolatli sud tizimini shakllantirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan.
Xususan, strategiyaning 84-maqsadi inson huquq va erkinliklarini ishonchli taʼminlash, ularni himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Bu borada:
• inson huquqlarini himoya qilishga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
• davlat organlari faoliyatida inson manfaatlarini ustuvor qilish;
• fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish tizimini yanada samarali tashkil etish;
• kabi vazifalar belgilangan.
Mazkur choralar orqali davlat boshqaruvida “inson qadri uchun” tamoyilini amalda taʼminlashga erishish ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, 85-maqsad sud tizimining mustaqilligi va adolatli sudlovni taʼminlashga qaratilgan. Buning uchun:
• sudlar faoliyatining shaffofligi va ochiqligini taʼminlash;
• sudyalar mustaqilligini mustahkamlash;
• sud jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish;
• fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalar belgilangan.
Sud tizimini isloh qilish orqali fuqarolarning sud himoyasiga bo'lgan ishonchini mustahkamlash maqsad qilingan.
Shuningdek, strategiyaning 86-maqsadi jinoyatchilikni kamaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Ushbu maqsad doirasida:
• huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish;
• mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish;
• kiberjinoyatchilik va zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali choralar ko'rish;
• huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini modernizatsiya qilish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Bu choralar jamiyatda tinchlik va xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Strategiyada alohida ahamiyat berilgan 88-maqsad aholi o'rtasida huquqiy madaniyat va huquqiy ongni yuksaltirishga qaratilgan. Buning uchun:
• aholining huquqiy bilimlarini oshirish;
• taʼlim muassasalarida huquqiy tarbiyani kuchaytirish;
• ommaviy axborot vositalari va internet orqali huquqiy targ'ibot ishlarini kengaytirish;
• kabi vazifalar belgilangan.
Huquqiy madaniyatning yuksalishi jamiyatda qonunga hurmatni kuchaytiradi va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Taʼkidlash lozimki, mazkuro maqsadlarning izchil amalga oshirilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muallif: M.Ismailova




