O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF–190-son Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda15-oktabrdan 30-noyabrga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, jarayonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda xodimlarning nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida Surxondaryo viloyati statistika boshqarmasida navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat statistika boshqarmasi, shuningdek, tuman va shahar statistika bo‘limlarining barcha xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv-seminar davomida biznesni ro‘yxatga olish tadbirining huquqiy asoslari, tashkiliy mexanizmlari va amaliy jarayonlari, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi subyektlar qamrovi, ma’lumotlarni shakllantirish va taqdim etish tartibi, respondentlar bilan ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonida taqdim etiladigan ma’lumotlarning aniqligi, to‘liqligi va ishonchliligini ta’minlash, xodimlarning mas’uliyatini oshirish hamda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida xodimlarning biznesni ro‘yxatga olish tadbiri hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF–190-son Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan olgan bilimlarini sinash va mustahkamlash maqsadida test sinovi ham o‘tkazildi.








