17/06/2026

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston — yangi sud” tamoyili asosida sud-huquq sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu oʻzgarishlarning bosh maqsadi — fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishdan iborat.

Sud tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari tubdan takomillashtirildi.

Ayniqsa, sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shu bois 2024 yildan e'tiboran sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibi joriy etildi. Mazkur tartib sud ishlarini koʻrish jarayonini yanada tizimli tashkil etish, fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qilish va sud qarorlarining barqarorligini ta'minlashga qaratilganligi bilan alohida e'tiborga molik.

Yangi tartibning joriy etilishi bir qator muhim natijalarga xizmat qilmoqda. Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad — inson qadrini ulugʻlash, huquq va erkinliklarni ishonchli himoya qilish hamda odil sudlovga boʻlgan ishonchni mustahkamlashdan iborat.

Shu ma'noda, sud qarorlarini qayta koʻrish institutining takomillashtirilishi nafaqat odil sudlov samaradorligini oshirishga, balki har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning yanada ta'sirchan mexanizmlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Ayni oʻrinda statistik ma'lumotlarga e'tibor qaratamiz.

Birgina 2025 yilda Oliy sudga taftish tartibida 20 558 ta shikoyat kelib tushgan.

Ularning 4 421 tasi yoki 21,5 foizi sudlov hay'atlariga oʻtkazilgan va koʻrib chiqilgan, 2 302 tasi yoki 11,2 foizi hisobот davri oxiriga koʻra ish yurituvda qolgan.

Shu bilan birga, sudlov hay'atiga oʻtkazish rad etilgan shikoyatlar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 2 291 taga yoki 29 foizga kamaygan. Aksincha, sudlov hay'atlariga oʻtkazilib, koʻrilgan ishlar soni 587 taga yoki 15 foizga oshgan.

Shuningdek, sudlov hay'atlari tomonidan koʻrilgan shikoyatlar soni huquqbuzarlik ishlar boʻyicha 542 taga (31 foiz), fuqarolik ishlar boʻyicha 107 taga (47 foiz), iqtisodiy ishlar boʻyicha 194 taga (46 foiz) koʻpaygan.

Ushbu statistik ma'lumotlardan shuni anglash mumkinki, sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibi allaqachon oʻz samarasini bera boshladi.

Bu, albatta, inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilish va odil sudlov samaradorligini oshirish imkonini berishi bilan alohida ahamiyatlidir.

 

Muallif: S.Alimardonov