10/02/2026

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Statistika sinflari”ni tashkil etish hamda ularni zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlash belgilangan.

Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida, Surxondaryo viloyatidagi ayrim ta’lim muassasalarida maxsus “Statistika sinflari” tashkil etilib, ularni moddiy-texnik jihatdan boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, hududiy statistika boshqarmasi tomonidan voha yoshlarining raqamli savodxonligini oshirish maqsadida Qiziriq tumanidagi 36-sonli va Termiz shahridagi 8-sonli umumta’lim maktablariga zamonaviy kompyuterlar, mebel jihozlari, stol-stullar bilan ta’minlandi.

Bunday zamonaviy sharoitlar o‘quvchilarga nafaqat axborot texnologiyalari sirlarini o‘rganish, balki mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan aholini ro‘yxatga olish kabi yirik tadbirlarning mazmun-mohiyatini tushunish, raqamlar bilan ishlash va tahliliy fikrlash qobiliyatini yuksaltirish imkonini beradi.

“Statistika sinflari”ning tashkil etilishi — kelajakda iqtisodiyot va IT sohalarida kuchli mutaxassislar bo‘lib yetishadigan yoshlar uchun o‘ziga xos intellektual maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.