10/12/2025

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish - bu ma’lum bir vaqtda muayyan hududda yashovchi barcha shaxslar  va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar haqida keng qamrovli, aniq va ishonchli ma’lumotlarni yig‘ish, qayd etish va tahlil qilish jarayonidir.

Bugun Bandixon tumani hokimligi majlislar zalida Surxondaryo viloyati Statistika boshqarmasi hamda Bandixon tumani hokimligi bilan hamkorlikda "Aholini va qishloq xo'jaligini ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, maqsadi, ahamiyati va xorijiy tajriba" xususida amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda tuman hokimi A.Allamuradov boshchiligida tumandagi barcha tashkilot rahbarlari, mahalla yettiligi va tashkilotlar tegishli xodimlari ishtirok etib, statistika boshqarmasi mutaxassislaridan aholi va qishloq xo'jaligini ro'yxatga olish bo'yicha barcha savollariga javoblar olishdi.

Seminar davomida mas'ullarga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati, zamonaviy yondashuvlari, xalqaro tajribasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, elektron so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirish va aholiga tushunarli tarzda ma’lumot yetkazish bo‘yicha shuningdek, O‘zbekistonda 2026-yilda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish qanday o‘tkazilishi haqida batafsil tushunchalar va ma'lumotlar berib berildi.