Joriy yilning 1-fevral kuni poytaxtimizdagi Crowne Plaza mehmonxonasida Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan “Oʻzbekiston Respublikasida ish haqi boʻyicha gender tafovutni baholash” mavzusida tashkil etilgan seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi vakillari hamda soha boʻyicha bir qator tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Mazkur seminar Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqi boʻyicha gender tafovutni hisoblashda qoʻllaniladigan metodologiyasi, Oʻzbekistondagi ish haqi boʻyicha gender tafovuti sohasidagi asosiy tendentsiyalar va ish haqidagi gender farqni baholashda milliy maʻlumotlardan foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga bagʻishlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan Mehnat resurslari balansi, bandlik va mehnatga haq toʻlash koʻrsatkichlarini shakllantirish boʻlimi boshligʻi - Tashmuxamedov Umid, Mehnat resurslari balansi, bandlik va mehnatga haq toʻlash koʻrsatkichlarini shakllantirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari - Tairova Aliya Tagirovna hamda Demografiya, mehnat va gender statistikasi boʻyicha yigʻma tahliliy axborotlarni shakllantirish boʻlimi bosh mutaxassisi - Gulhumor Xodjakulova qatnashdilar.
Muhokamalar jarayonida vazirlik va idoralar vakillari Oʻzbekistonda ish haqidagi gender tenglikni taʼminlash borasida qilingan ishlarga toʻxtalib oʻtdilar. Shuningdek, ish haqi boʻyicha gender tengligiga erishish masalalari muhokama qilinib, maʻlumotlar toʻplashni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar berildi.