Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi ham ko‘p ming yillik noyob qadriyat va tutumlarimizni qayta tiklab, yurtimiz qiyofasiga o‘zgacha fayz, go‘zal tarovat bag‘ishlayotgani, yosh avlod ongu shuurida ona tabiatga mehr uyg‘otayotgani barchaga bir olam quvonch ulashayotir. Xalqimizda obod, tinch va to‘kin Vatanda yashayotganidan faxr–iftixor tuyg‘usini yuksaltirmoqda.
Mamlakatimiz janubida yaproqlari sarg‘ayib, dov-daraxtlar uyquga keta boshlagan shu kunlarda surxondaryoliklar ham belini mahkam bog‘lab, yashil makonlar barpo etishga peshvoz chiqmoqda. Tabiatsevar yoshu keksa ko‘ngillilar mahalla va yo‘l bo‘ylari, tashkilot, korxona, muassasalar atrofi va bo‘sh turgan yerlarga turli daraxt hamda buta nihollarini qadayotir. Yangi bog‘ va gulzorlar tashkil etilmoqda.
Vohani yashillikka burkash uchun viloyat o‘rmon xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub’ektlari 12 million donadan ortiq mevali-– manzarali daraxt ko‘chati yetishtirmoqda. Kuzgi mavsumda joylarda 6 million 800 ming dona ko‘chat ekish mo‘ljallanayotir. Ana shu ko‘chatning qariyb 25 ming donasi viloyat, tuman va Termiz shahri hokimliklari bog‘iga o‘tqaziladi.
Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida 40 gektar maydon ajratilib, “Hokimlik bog‘i” barpo etish rejalashtirilgan edi. Shuningdek, 14 ta tuman va Termiz shahri hokimligi bog‘lari uchun ham yer maydonlari ajratilib, kuzgi ko‘chat qadashga taxt qilingach, uyushqoqlik bilan ko‘chat o‘tqazish boshlandi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida bo‘lib, 40 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Hokimlik bog‘i”ga ilk ko‘chatni qadadi. Shu yerdan hududlarda tashkil etilayotgan “Hokimlik bog‘”lari ishtirokchilari bilan videokonferensaloqa shaklida muloqot qilib, har bir hududning iqlimiga mos ko‘chatlarni tanlab, bamaslahat ekish, har bir ko‘chatning sifatli o‘tqazilishi va vaqtida parvarishlash yuzasidan taklif hamda tavsiyalarini berdi.
– Prezidentimiz raisligida shu yil 11 oktyabr kuni turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi,–dedi viloyat rahbari.– Shunga muvofiq biz ham sizlar bilan bamaslahat rejani baland oldik. Bugun ekayotgan bu nihollarni vaqti kelib, men qadagan edim, deya faxrlanasiz. Dunyoda yuz berayotgan ekologik muammolar yurtimizda ko‘proq ko‘chat o‘tqazib, yashil bog‘lar yaratishni taqozo etmoqda. Biz bu ishni bugun qilmasak, kelajak avlod oldida qarzdor bo‘lib qolamiz. Tabiatimizni asrab-avaylab, farzandlarimizning ham obod va farovon hayot kechirishi uchun ko‘proq ko‘chat o‘tqazishimiz, tevarak-atrofni yashillikka burkashimiz lozim. Bunda har bir ko‘chatning ekish sifatiga e’tiborli bo‘lishimiz, uni parvarishlashga mehr bilan yondashishimiz kerak. Ana shunda bugun asos solinayotgan bu bog‘lar eng ko‘rkam, eng bahavo yashil maskan bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda kuzgi mavsumda ko‘chat o‘tqazilishi rejalashtirilgan maydonlarga voha iqlimiga mos 20 turdan ortiq mevali va manzarali daraxt nihollari qadaladi. Bo‘lg‘usi bahorda yangi ekilgan yapon saforasi, katalpa, qayrag‘och, terak, eman, pavlovniya, chinor, zarang, akatsiya, igna bargli daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zib, atrofga go‘zallik, ko‘ngillarga quvonch bag‘ishlaydi. Kech kuzgacha yangi tutzor va pistazorlar, mevali bog‘lar barpo etiladi.
Oltinsoy innovatsion tumanida kuzgi mavsum uchun 470 ming tup daraxt ko‘chati o‘tqazish mo‘ljallanmoqda. Bu ko‘chatlarning 30 ming tupi umumfoydalanuvchi avtomobil yo‘li yoqalariga, 133 ming 202 tupi ekin maydonlari chetlariga himoya zonalari, ya’ni ihota maqsadida, 3 ming 798 tupi sog‘liqni saqlash muassasalari hududiga, 100 ming tupi mahallalar va aholi xonadonlariga, besh ming tupi ta’lim muassasalari va boshqa korxona, tashkilot, muassasalar hududiga qadaladi. Botosh mahallasida tashkil etilayotgan 6,5 gektar maydondagi “Hokimlik bog‘i”ga 10 ming 400 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
– Yurtimizda “Yashil makon” loyihasi boshlanganidan buyon bu jarayonda ishtirok etib, kuzatib kelyapman, – deydi Oltinsoy tumani “Xalq va hayot” gazetasi bosh muharriri Normurod Temirov. – Bu yilgi ko‘chat ekish mavsumiga yoshu keksa boshqacha shasht bilan kirishdi. Demak, loyiha nafaqat, hududlarni yashil boylikka burkash, balki yoshlarning ona tabiatga mehrini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Bu yilgi mavsumning yana bir ahamiyatli jihati – “Hokimlik bog‘i”da ko‘chatlar qator oralariga peshma–pesh to‘qsonbosti usulida piyoz ekilib, yerdan unumli foydalanish chorasi ko‘rilmoqda.
Taomilga ko‘ra, yaxshi niyat va ezgu tilaklar ila barcha “Hokimlik bog‘”lariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga kirishildi. Qosh qorayishi bilan oltin faslning mayin shabadasi esayotgan viloyatda sokin sepalagan kuz yomg‘iri yerga qadalgan ko‘chatlarni ohista silab, ko‘p millatli xalqimizning ulug‘ niyat va ezgu tilaklariga kamarbasta bo‘ldi... Kelgusida maftunkor manzaraga ega bo‘ladigan “Hokimlik bog‘”lariga turli mevali – manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish boshlangan. Vohaning Termiz shahri va barcha tumanlarida yashil makonlar yaratish ko‘tarinki ruhda ahillik bilan davom etmoqda.
uza.uz
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri