Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, respublikamizda aholini roʻyxatga olish tadbirini 2022-yilda oʻtkazish belgilangan edi. 2020-yil 16-martda “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu tadbirni oʻtkazish 2023-yilga koʻchirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, respublikada aholini roʻyxatga olish ishlari 2023-yilning 1–25-noyabrida oʻtkazilishi belgilangan.
Aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida sohani tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy va uslubiy hujjatlar hamda roʻyxatga olish savolnomalari shakllari ishlab chiqildi, aholini roʻyxatga olishning maxsus veb-sayti (aholi.stat.uz) joriy qilindi, tadbirning logotipi va shiori (“Yangi Oʻzbekistonning bir qismi boʻl!”) tayyorlandi, aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va natijalarini shakllantirish imkonini beruvchi “Aholini roʻyxatga olish” axborot tizimi ishlab chiqildi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha mahallalarning sxematik xaritalari yangilanib, aholi yashaydigan turar va noturar joylar roʻyxati tuzib chiqildi.
2021-yil 1-25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazildi. Roʻyxatga olish jarayonlari uch xil usulda oʻtkazilib, Internet tarmogʻi orqali, planshet va qogʻoz usullarida roʻyxatga olish jarayonlari sinovdan oʻtkazildi.
Sinov jarayonlarida planshet usulida aholini roʻyxatga olish qogʻoz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanligini koʻrsatdi. Sinov natijalari va ilgʻor davlatlar tajribalari asosida roʻyxatga olish jarayonlarini qogʻoz usulidan voz kechib, Internet tarmogʻi orqali va planshet qurilmalaridan keng foydalangan holda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu tadbirni oʻtkazish bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlar oʻrganib chiqilayotganligini inobatga olib, yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng Agentlik tomonidan qoʻshimcha axborot berilishini maʼlum qilamiz.