23/10/2023

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Ona tilim mangu bo‘l omon” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida mamlakatimiz sport shuhratini xalqaro maydonlarda ulug‘lab kelayotgan yosh sportchilar, ularning murabbiylari ishtirok etdi.

Marosimda markaz direktori Abror Mamadaliyev xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib kelayotgan yosh sportchilar hayotida ona tilining ahamiyati, milliy g‘ururni yuksaltirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Tadbirda markaz o‘quvchi-sportchilari joriy yilning oktyabr oyiga qadar saksondan ortiq xalqaro musobaqalarda ishtirok yetib, jahon chempionatlarida 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali, Osiyo chempionatlarida 7 ta oltin, 7 ta kumush va 14 ta bronza medallarni qo‘lga kiritgani ta’kidlandi.

O‘quvchi-sportchilarning badiiy chiqishlari, aytgan she’r va qo‘shiqlari bayram ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.  

O‘zA