21- oktabr – yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Surxondaryo viloyati statistika boshqarmasida ham O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Termiz davlat universitetining O'zbek filologiyasi fakultetining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha dekan o'rinbosari M. Qobilov, O'zbek tilshunosligi kafedrasi katta o'qituvchisi E. Ro'ziyev hamda viloyat statistika boshqarmasi rahbariyati, xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish avvalida viloyat statistika boshqarmasi boshlig’ining o'rinbosari M. Raxmonov barcha tadbir qatnashchilarini 21- oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklab, buyuk qadriyatimiz, qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimizning milliy o‘zligi va mustaqil davlatimiz timsoli, bebaho ma’naviy boyligimiz ekanligini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat, deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak», - deb ta’kidlab o‘tdi o‘z ma’ruzasida O'zbek filologiyasi fakultetining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha dekan o'rinbosari M. Qobilov.
Viloyat statistika boshqarmasining Kasaba uyushma qo'mitasi raisi A. Shoberdiyev boshqarmada o‘zbek tilida ish yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tilida ish yuritish, qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan fikr-mulohaza bildirdi.
Yig‘ilish so‘ngida tashrif buyurgan mehmon o'qituvchilar barcha xodimlarni yana bir bor bayram bilan tabriklab, bu kabi tadbirlarni tez-tez o‘tkazilishining tarafdori ekanliklarini bildirdilar.