25/09/2023

 
 

Prezident tashrifidan so‘ng...

Mamlakatimizda raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Yirik loyihalar ortidan yaratilayotgan yangi ish o‘rinlaridan hududlar aholisi mamnun. 

Bu borada so‘z borganda bugun erkin iqtisodiy zonalarda yangi, yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish borasidagi ishlarning ahamiyati kattaligi haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinli. 

Mavzuni Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati, u yerda tashkil etilgan loyihalar misolida davom ettiramiz.

Ushbu erkin iqtisodiy zona jami to‘rt hududdan iborat bo‘lib, qariyb 714 gektar maydonda joylashgan. Hududga umumiy qiymati 684 million dollar bo‘lgan 130 ta investitsion loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda iqtisodiy zonada 311 million dollarlik 85 ta loyiha ishga tushirilgan. 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 27 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu erkin iqtisodiy zonada yaqinda ochilgan “BNBM Building Materials Central Asia” korxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirgan edi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri 30 million dollarlik xorij investitsiyasi yo‘naltirilgan bu korxonada ikki yuzta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda yiliga o‘ttiz million kvadrat metr gipsokarton va to‘rt million kvadrat metr dekorativ gipsokarton ishlab chiqarish quvvati yaratildi.

Prezidentimiz har bir hududning “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirib, odamlarga ish o‘rni va daromad manbai yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini ko‘p ta’kidlaydi. 

Darhaqiqat, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida joriy yil davomida umumiy qiymati 373 million dollar bo‘lgan 45 ta yirik sanoat loyihasi foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu ish amalga oshirilsa qo‘shimcha 6 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. 

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchi korxonalari tomonidan 2023 yil 3 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. Yil yakuniga qadar 120 millon dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi kutilmoqda.

Endi umumiy raqamlardan aniq bir investitsion loyihaga atroflicha to‘xtalamiz. Uchko‘prik tumanidagi «Mollis» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasiga e’tiboringizni qaratamiz. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning iyul oyidagi o‘sha tashrifi doirasida qator yangi majmualarni ishga tushirish marosimi ham tashkil etilgandi. Ular orasida «Mollis» tekstil korxonasining yigiruv, to‘quv, bo‘yash, tikuv kabi bosqichlarni qamrab olgan loyihasi ham bor edi.

Viloyat iqtisodiyoti rivojida paxta va to‘qimachilik sanoatining hissasi katta. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 123 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 17 million donadan ortiq to‘qimachilik va tekstil mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

– Biz ishni xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlar ketma ketligida tashkil qilganmiz, – deydi «Mollis» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat Rajabov. – Loyiha doirasida besh yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonamizda Xitoy va Turkiyadan zamonaviy texnika va uskunalar olib kelingan. Bu bizga yigiruv, to‘quv, bo‘yash va tikuv jarayonlarini o‘zimizda bajarish imkonini bermoqda. Natijada 150-200 xildagi tayyor kiyim-kechaklarni eksport qilyapmiz. Mamlakatimizda yaratilayotgan bunday tadbirkorlik muhitidan, qo‘llab- quvvatlashdan yanada samarali foydalanishimiz kerak.

Korxonaning umumiy yer maydoni 8 gektar bo‘lib, 56 ming metr kvadratli bino va inshootlarda ish jarayonlari tashkil etilgan. Yillik eksport hajmi 8 million dollar atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 

Bu kabi yirik loyihalar hududlarda aholi uchun yangi ish o‘rni va daromad manbai yaratayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri

uza.uz