Joriy yilning 11–13-sentabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan "Rasmiy statistika uchun katta hajmli maʻlumotlar" loyihasi doirasida konferensiya tashkil etildi.
Mazkur konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Ziyayev Zohidjon Muratovich ham onlayn ravishda ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyada tashkilotchilar “Rasmiy statistika uchun katta hajmli maʻlumotlar" loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr-mulohaza almashishdi.
Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev "Oʻzbekiston rasmiy statistikasida katta hajmli maʻlumotlar: bugungi kun va istiqboldagi vazifalar" mavzusida taqdimot qildi.
Konferensiya davomida xalqaro ekspertlar tomonidan yaqin kunlarda Jakarta shahrida ochiladigan Katta hajmli maʼlumotlar markazini ishga tushirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tayyorgarlik jarayoni xususida ham maʼlumotlar berildi.
Tadbir yakunida ESKATO vakillari hamda xalqaro ekspertlar "Rasmiy statistika uchun katta hajmli maʻlumotlar" loyihasi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berishdi.