Joriy yilning 2–4- oktabr kunlari Toshkent shahridagi “InterContinental Trilliant” mehmonxonasi majlislar zalida “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining II xalqaro statistika forumi: statistikada yangi texnologiya va maʼlumotlar manbalari” mavzusida navbatdagi yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi va MDH Davlatlararo Statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda 150 dan ziyod qatnashchilar, jumladan, MDH Davlatlararo Statistika qoʻmitasi rahbariyati, MDH Ijroiya qoʻmitasining vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika boʻlimi direktori, BMT YEIK Statistika boʻlimi direktori hamda 20 ga yaqin xorijiy davlatlar statistika idoralarining birinchi rahbarlari va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy maqsadi – statistika sohasida raqamli texnologiyalarni keng qoʻllash boʻyicha ilgʻor xalqaro tajriba almashish, raqamli transformatsiya sharoitida statistik jarayonlarni modernizatsiya qilish, rasmiy statistikani shakllantirish uchun muqobil maʼlumotlar manbalari, shu jumladan, katta hajmli maʼlumotlar va sunʼiy intellektdan keng foydalanish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Forum foydalanuvchilarning statistik maʼlumotlarga boʻlgan talab va ehtiyojlarini qondirish yoʻlida statistika idoralari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, forum doirasida statistik maʼlumotlarni tayyorlovchilar va ulardan foydalanuvchilar oʻrtasida muloqotni yaxshilash hamda ochiqlik, dolzarblik va shaffoflik tamoyillari asosida statistik maʼlumotlarni eʼlon qilish kabi masalalar ham muhokama qilinadi.
Ushbu xalqaro forum kun tartibidagi sessiyalarda quyidagi dolzarb va muhim masalalar koʻrib chiqiladi.
Maʼlumotlarni boshqarish, axborot resurslarining milliy darajada integratsiyasi yoʻnalishida Rossiya, Belarus, Armaniston va Tojikiston davlatlari tajribasi boʻyicha taqdimot qilinadi. Bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Statistika agentligi mutaxassislari ham taqdimotlar qilib, turli manbalardan olingan maʼlumotlarni birlashtirish, ulardan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish va shu bilan birga respondentlarga hisobot yukini kamaytirish yuzasidan axborot beriladi. Shuningdek, mavjud axborot manbalarini inventarizatsiya qilish va ularning sifatini baholash, qoʻllaniladigan tushunchalar, tasniflar, formatlar va texnologiyalarni uygʻunlashtirish, maʼlumotlarning maxfiyligini himoya qilish va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashiniladi.
Statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va tarqatishning yangi texnologiyalari yoʻnalishida Belarus, Serbiya va Oʻzbekiston Respublikalari mutaxassislari hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining Statistika departamenti, MDH Statistika qoʻmitasining Axborot statistika resurslari va texnologiyalari boshqarmasi, Xalqaro valyuta fondi maʼlumotlarni boshqarish boʻlimi vakillari va boshqa xalqaro ekspertlar oʻz tajribalari boʻyicha taqdimotlar qilishadi. Sessiya davomida statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va tarqatishning zamonaviy tendensiyalari muhokama qilinmoqda. Jumladan, ekspertlar tomonidan geoaxborot tizimlarini joriy etish, Business Intelligence (BI) va maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish texnologiyalaridan foydalanish, sifat modellari (GSBPM, GSIM, GAMSO, NQAF), metamaʼlumotlar almashinishining xalqaro standartlari (SDMX), smart-maʼlumotlar – Findability, Accessibility, Interoperability, Reusability (FAIR – maʼlumotlar) tamoyillariga mos keladigan ochiq bogʻlangan maʼlumotlar boʻyicha batafsil maʼlumot beriladi.
Katta va maʼmuriy maʼlumotlar yoʻnalishida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Mongoliya, Rossiya, Ozarbayjon va Qirgʻiz Respublikasi vakillari taqdimot qilishib, rasmiy statistikani shakllantirish va undan foydalanish sohasidagi tajribalari koʻrib chiqiladi. Statistik maʼlumotlardan foydalanishning huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratish, yigʻish va ayirboshlash texnologiyalarini samarali qoʻllash borasida tajriba almashiniladi. Shuningdek, aholini roʻyxatga olishning – 2030 raundiga tayyorgarlik koʻrish va uni registr va boshqa maʼlumotlar manbalari asosida oʻtkazish va tadbir bilan bogʻliq boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.
Raqamli texnologiyalarni statistika sohasiga integratsiya qilishning asosiy maqsadi – yuqori sifatli statistik maʼlumotlarning barcha foydalanuvchilar uchun oson va tushunarli boʻladigan ekotizimini yaratishdir. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan statistik maʼlumotlarni toʻplash maqsadida 16 tadan ortiq vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq maʼmuriy maʼlumotlar bazalari integratsiya qilindi. Natijada ishonchli statistik maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish hamda respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy holat boʻyicha 100 dan ortiq turdagi muhim statistik koʻrsatkichlarni onlayn yangilab borish va eʼlon qilish, statistik-tahliliy maʼlumotlarni izlash vaqtini tejash imkoniyati yaratildi.
Statistika agentligi mutaxassislari mazkur forum doirasida tashkil etilgan sessiyalarda faol qatnashishmoqda, milliy statistika idoralari tomonidan erishilgan ijobiy natijalar tahliliga ham alohida toʻxtalib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishmoqda. Unda qayd etilganidek, 2023- yilda xalqaro tashkilotlarning 49 ta savolnomalari, jumladan, BMT Statistika boʻlimining 10 ta, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining 5 ta, YUNESKO statistika institutining 9 ta, Xalqaro mehnat tashkilotining 2 ta, Xalqaro elektroaloqa ittifoqining 2 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 14 ta savolnomalari toʻldirildi va oʻz vaqtida taqdim etilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq maʼlumotlar reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-oʻringa koʻtarilib, Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni saqlab qolgani, BMT Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan eʼlon qilingan BRM (SDG index) reytingida Oʻzbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69 oʻrinni egallagani, Open Data Watch tashkilotining soʻnggi hisobotida Oʻzbekiston “Ochiq Gender maʼlumotlari indeksida” 69,7 ball toʻplagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy olgani, BMT Statistika boʻlimining rasmiy veb-sahifasida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha 87 ta eng ilgʻor tajribalarga ega davlatlar qatoriga kiritilgani va boshqa ijobiy natijalar haqida maʼlumotlar berib oʻtilyapti.
Forum doirasida kun tartibidagi barcha masalalar muhokamasi bilan birga Statistika idoralari rahbarlari, MDH Statistika qoʻmitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda ekspertlari uchrashuvlari MDHga aʼzo davlatlar statistika xizmatlari rahbarlari kengashining 70-yigʻilishi oʻtkaziladi.
Eslatib oʻtamiz: mazkur forum MDH Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan “MDHda statistikani rivojlantirish” dasturi doirasida oʻtkazilib kelinmoqda.