Joriy yilning 28-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish – tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish garovi” mavzusida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbari va soha xodimlari, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjeti boshqarmasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi mutaxassislari onlayn ishtirok etishdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich Statistika agentligi tomonidan norasmiy iqtisodiyotni baholashni takomillashtirish va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi PF-6098-son Farmoni hamda 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-son qarorining qabul qilinishi Oʻzbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni takomillashtirish orqali statistik maʼlumotlar qamrovini kengaytirish, sifati va ishonchliligini oshirish uchun muhim poydevor boʻlganini taʼkidlab oʻtildi.
2020-yilning avgust – sentabr oylarida Qashqadaryo viloyatida va 2021-yilninr may – iyun oylarida Namangan viloyatida, 2023-yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasining 14 ta hududi 165 ta tumani boʻyicha 7 mingdan ziyod uy xoʻjaliklarida transport, yashash va ovqatlanish, madaniyat, taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlariga xarajatlarni oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan maxsus tanlanma statistika kuzatuvlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirda Statistika agentligi makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshligʻi Abrorali Mamajonov “Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni tashkil etish” mavzusida taqdimot qildi. Oʻz taqdimotida kuzatilmaydigan iqtisodiyot, uning tarkibiy qismlari, norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash boʻyicha xalqaro tavsiyalar, xorijiy davlatlar tajribalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.