16/04/2024

Tarixiy manbalardan ma’lumki, aholini ilk ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. Bundan asosiy maqsad odamlardan soliq yig‘ish, boj olish hamda harbiy safarbarlik uchun ularning sonini aniqlash bo‘lgan. Shu boisdan ro‘yxatga olishda asosan erkaklar e’tibor qaratilgan.

Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo bu aholi ro‘yxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga cho‘zilgan. Masalan, AQShda ilk aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.

XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890 yillarda esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974-yillarda 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.

Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solingan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1920 yilda «Qo‘shma qirollikda aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida«gi qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi. Unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.

Polshada aholini ro‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor 1764 yilda o‘tkazilgan. Mamlakatda har 10 yilda aholi qayta ro‘yxatdan o‘tadi. «Aholi ro‘yxati to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi ruyxatga olish jarayonida taqdim etiladigan so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish huquqiy ta’sir ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston aholisi oxirgi marta qachon ro‘yxatga olingan? Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda Turkiston general-gubernatorligi tomonidan o‘tkazilgan. Bu boradagi ma’lumotlar XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar va aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 yillar va oxirgi marta 1989 yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.

Endilikda O‘zbektstonda ham 10 yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Qonunga ko‘ra ro‘yxatga olish butun O‘zbekiston yoki muayyan hududlar bo‘yicha o‘tkazilib, demografik sana va aholining ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikasini aniqlashga qaratilgan shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tartiblarini belgilaydi. Ushbu muhim hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

Aholini ro‘yxatga olish dasturi – aholiga yo‘naltirilgan savollar ro‘yxatidir. Dastur savollariga javoblarning jamlan-masi aholini ro‘yxatga olish ko‘zda tutgan aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tashkil etadi. Odatda aholini ro‘yxatga olish dasturining savollari ushbu maqsad uchun maxsus tayyorlangan, aholidan olingan javoblarni hisoblab chiqish usuliga bog‘liq ravishda shakli turlicha blanklarda qayd etiladi. Bu blanklar ro‘yxatli (ya’ni, bir necha kishiga mo‘ljallangan) yoki shaxsiy (bir kishiga mo‘ljallangan) bo‘lishi mumkin. Aholini ro‘yxatga olish dasturi muayyan qoidalar bo‘yicha va ko‘pchiligi har qanday sotsiologik tadqiqotlarga odatiy bo‘lgan muayyan talablar hisobga olingan holda tuziladi. Dasturdagi savollarning bir qismi aholining ijtimoiy-iqtisodiy va demog-rafik xususiyatlari tarkibida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlash uchun avvalgi aholini ro‘yxatga olishda qayd etilganlarga mazmuni va tahriri bo‘yicha aniq mos bo‘lishi maqsadga muvofiq (lekin, shart emas). Shu bilan birga, aholiga oid xalqaro ma’lumotlar kabi ma’lumotlarni olish uchun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xalqaro tavsiyalarni ham hisobga olish lozim. Xalqaro tavsiyalarga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish dasturiga kiritilgan savollar respondentlar (ya’ni, so‘ralayotgan shaxslar) ularga to‘g‘ri javob bera olishlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak. Boshqacha aytganda, savollar so‘ralayotganlarning aksariyat ko‘pchiligi uchun murakkab bo‘lmasligi va aholini ro‘yxatga olish tadbirini barbod qilmaslik uchun ularda qo‘rqinch uyg‘otmasligi lozim. Shu bilan bir qatorda savollar aholi savodxonligining umumiy darajasi, milliy xususiyatlar, shu jumladan, urf-odatlarni ham hisobga olgan bo‘lishi kerak.

Аholini ro‘yxatga olishning maqsadi va vazifalari.

 Oʻzbekiston Respublikasi hududida yaxlit va xar bir maʼmuriy-hududiy birlik boʻyicha aniq bir vaqtda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari toʻgʻrisida xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit maʼlumotlarni yagona statistik uslublar asosida yigʻish aholini roʻyxatga olishning maqsadi hisoblanadi.

Quyidagilar aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

aholi tarkibidagi global oʻzgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sogʻliqini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish;
aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish;

 milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring oʻtkazish;

aholini roʻyxatga olish davrlari oraligʻida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish;

 ijtimoiy-iqtisodiy muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

 Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish usullari  – aholi ro‘yxati o‘tkazish jarayonida oilalar yoki odamlar haqida ma’lumotlar olish usullari. Odatda bunday ma’lumotlarni maxsus mutaxassislar to‘plashadi (ro‘yxat hisobchilari), shuning uchun ro‘yxatga olish usullari tavsifiga ko‘ra shaxs va hisobchi o‘rtasidagi muloqotda, ma’lumot beruvchi, ma’lumotlar manbasi va bevosita ularni olish usuli bo‘yicha farqlanadi.

Inson to‘g‘risida ma’lumotni uning o‘zidan yoki kishilar guruhi to‘g‘risida taqdim qilinayotgan ma’lumotlarga ma’sul (ba’zan oila a’zolari to‘g‘risida oilaning boshlig‘i) shaxsdan olinishi mumkin. Ma’lumotlar boshqa maqsadlar uchun tayyorlangan hujjatlardan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan ham olinishi mumkin.

So‘rovni o‘tkazishda shaxsan so‘rov (ro‘yxatga olish hisobchisi savollar beradi va ro‘yxatga olish varaqasiga javobni yozib boradi) va o‘zini qayd etish (ro‘yxatga olish varaqasini so‘ralayotgan shaxsning o‘zi to‘ldiradi) usullariga bo‘linadi.

Ma’lumotlarni olish usullaridan eng keng tarqalgani-ekspeditson usul bo‘lib, – unda hisobchi so‘ralayotgan shaxsning uyiga tashrif buyuradi. Tadqiqotni pochta orqali (anketa va savolnomalar jo‘natish) so‘rov o‘tkazish yoki tashrif (so‘ralayotganlar maxsus qayd etish punktiga kelishadi) usulidan foydalanib ham o‘tkazish mumkin.

Usullar tez-tez mujassamlashtiriladi, ularni birikuvi shunday tanlanadiki, bunda maqsad ishonchli va to‘liq ma’lumotlarni imkoni boricha tez va eng kam xarajat bilan olishdir.