15/04/2024

 

Keyingi yillarda yurtimiz bo‘ylab yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa qurilish materiallariga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan aynan ushbu talabni qondirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov bu borada olib borilayotgan ishlar va joriy yilning birinchi choragida erishilgan ko‘rsatkichlar haqida to‘xtalib o‘tdi:  

–2024-yilning yanvar-fevral oylarida qurilish materiallari sohasida 3,4 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish 108,2 foizni tashkil etdi. Xususan,  2,1 million tonna sement, 3,8 million kvadrat metr qurilish oynasi, 8,2 million kvadrat metr gipsokarton, 4,1 million kvadrat metr keramik plitka, 452 ming o‘ram gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan. O‘tgan davrda 152,9 million dollarlik eksport amalga oshirildi.  

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida xalqaro standartlarni o‘rganish, sohaga tatbiq etish hamda sifatli va xavfsiz yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida 2019-2021-yillarda jami 1 ming 387 ta ISO va EN xalqaro standartlari qabul qilingan.  

Shuningdek, uyushma tasarrufidagi 50 ta korxonada Sifat menejment tizimi (ISO 9001) joriy etilgan. Bu esa korxonalarga o‘zining sifatga sodiqligini namoyish qilish, mijozlar ehtiyojlarini maksimal darajada qondirishga intilish hamda faoliyatni doimiy takomillashtirish imkonini beradi. Mijozlar fikrini faol o‘rganish esa ishlab chiqarish sifatini yanada yaxshilash, modernizatsiya qilish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun keng imkoniyatlarni aniqlashga yordam beradi.  

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 14 turdagi qurilish materiali bo‘yicha 329 ta xalqaro (ISO) va Yevropa (EN) standartlari ro‘yxati shakllantirilgan va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.  

 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA