Prezident tashrifidan so‘ng...
Kitobga to‘la, shifti baland xonaning butun-butun devorlarini qoplagan javonlar qarshisidaman. Javonga g‘ildirakli yog‘och narvonlar tirkalgan, uni xonaning u chetidan bu chetiga yengilgina surish mumkin.
Narvondan ohista ko‘tarilib, tepa qatordan o‘zingizga yoqqan kitoblardan birini “ishtaha” bilan olasiz. Bu holat odamga xuddi oydin kechada osmondan yulduz terganday yoki hosilning zo‘ridan shoxlari egilib ketgan daraxtdan meva uzganday yoqimli his beradi.
Kitob qo‘limda. Qadimiy me’morchilik va zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan joydaman. Bu keng, yorug‘ xona tarix va bugun tutashgan nuqtaga o‘xshaydi. O‘qish, tinglash, ko‘rish... umuman, kitobxon uchun mukammal sharoit hozirlangan. Stol-stul, yumshoq o‘rindiq va zamonaviy qurilmalar shunday o‘rnatilganki, xonada o‘ziga xos kuchli mutolaaga chorlovchi muhit paydo bo‘lgan.
Bu qaysidir chet el kinolaridan olgan taassurotlar emas. Bu poytaxtimizda butunlay yangi qiyofa va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lib, qayta ochilgan Respublika bolalar kutubxonasi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni ushbu ziyo maskanini borib ko‘rdi. Tashrifdan so‘ng kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdik, mas’ullarni suhbatga chorladik.
Kutubxona yarim asrlik tarixga ega. U joylashgan bino esa yanada “keksa” – 1907 yil bunyod etilgan. Bugungi kunda ushbu maskanda 180 mingdan ortiq o‘zbek va jahon bolalar adabiyotining sara asarlaridan iborat fond mavjud.
– Kutubxonada davlatimiz rahbarining topshiriqlariga ko‘ra, 2020 yil avgust oyidan rekonstruksiya va restavratsiya ishlari boshlangan, – deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi maslahatchisi Elmurod Najimov. – Bu ish ko‘p vaqt oladigan, tajribali mutaxassislar jalb qilishni talab etadigan murakkab jarayon sanaladi. Muassasaning bugungi ko‘rinishga kelishi uchun shu yo‘nalishdagi rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganildi. Endi kitoblar fondini yanada boyitishga e’tibor qaratilmoqda, yana qo‘shimcha ellik mingta bolalar adabiyoti keltirish mo‘ljallanmoqda.
Bu xayrli ish uchun infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan hamda o‘zlashtirilmagan kapital qo‘yilmalar hisobiga 82 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Loyiha natijasida kutubxonaning birinchi qavati va yerto‘lasida demontaj ishlari ham olib borildi. Shuningdek, ob’ektning temirbeton qismlarini yanada mustahkamlash, mexanika va elektr uzatish tarmoqlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratildi. Bino pardozlandi, zamonaviy mebel va inventar bilan jihozlandi.
Hudud obodonlashtirilishi natijasida butunlay yangi qiyofaga kirdi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda, – deydi Respublika bolalar kutubxonasi rahbari Doniyor O‘rolov. – Bundan olti yil avval kitoblar nashr etishni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining farmoyishi qabul qilingan edi. Buning natijasida kitobxonlarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xayrli ishning bir ifodasini bugun bizning kutubxonada ko‘rib turibsiz. Mamlakatda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, bu borada natijalarga erishish uchun bolalarni mutolaaga o‘rgatishimiz kerak. Buning uchun kutubxonamizdagi kabi yirik loyihalar, “Yosh kitobxon” tanloviga o‘xshash tashabbuslarning keng quloch yoyayotgani quvonarli.
Kutubxona faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning yangi usullari yaratilmoqda. Xususan, elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani esa kutubxona ishini yanada rivojlantirish hamda kitobxonlarga qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda. Bu kabi uskunalardan audio resurslarni tinglash xonasi tashkil etilgan. Muassasaga tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Karta bilan esa kitob olish va topshirish jarayonlari inson omili aralashmay – elektron tarzda bajariladi.
Kutubxonada xalqaro konferensiya, seminar-trening, taqdimot va uchrashuvlarni ham bevosita, ham onlayn o‘tkazish imkoni yaratilgan. Mo‘’jazgina amfiteatr bor. Bolalarning ochiq osmon ostida kitob o‘qishi uchun yetarli sharoit mavjud.
Bugun ushbu ziyo maskani nafaqat maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilari va umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari, balki kattalarning ham sevimli manziliga aylanib bormoqda. Buni kutubxona yiliga 10 mingdan ziyod kitobxonga xizmat ko‘rsatib kelayotganidan ham anglash mumkin.
Davlatimiz rahbari muassasa bilan tanishish asnosida uni yanada rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Xususan, kutubxonani maktablar bilan samarali bog‘lash lozimligini ta’kidladi. Zero 180 ming kitob fondidan boshqa hududlardagi bolajonlarni ham bahramand qilish, bu yerga ko‘proq yoshlarni jalb etish zarurligi aytildi.
Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA