Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli va Olmazor tumanlariga tashrif buyurib sanoat korxonalari faoliyati, mahalla hayoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Sergeli tumanidagi “Alutex” korxonasida bo‘ldi.
Mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Bu alyumin profillarga talabni oshirmoqda.
Joriy yil may oyida “Alutex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan oyna va quyosh panellari uchun profillar tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. Bu korxona 350 dan ortiq turdagi, yiliga 36 ming tonna alyumin profil ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
– Dunyodagi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etmoqchimiz. “Yashil” energetika – mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun tayyor bozor, katta imkoniyat. Faqat asosiy talab – sifat, – dedi Prezident.
Korxonaga Italiya, Janubiy Koreya va Turkiyadan eng zamonaviy uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan. Natijada 400 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Sentyabr oyidan qo‘shimcha yangi 130 turdagi alyumin profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Import o‘rnini bosishdan tashqari, mahsulotlarning bir qismini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari 2019 yilda Chilonzor tumaniga tashrifi chog‘ida «Oriyent keramik» korxonasini borib ko‘rgan, uning faoliyatini kengaytirish muhimligini aytgan edi.
Shundan so‘ng Sergeli tumani hududida yana bir zavod qurilib, xorijdan ilg‘or texnologiya keltirib o‘rnatildi. Korxona shu yil iyun oyida faoliyat boshlab, 450 kishi ish bilan ta’minlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev uning ish jarayoni bilan tanishib, mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi.
Bu loyihaning qiymati 42 million dollar bo‘lib, yiliga 10 million kvadrat metr kafel va keramogranit mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar deyarli yuz foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanishi bois xorijnikidan bir necha barobar arzon. Ularning sifatli, turli rang va hajmda ekani bozorbopligini ta’minlamoqda.
Ilgari bunday katta o‘lchamdagi keramogranit kafellar yurtimizga import qilinar edi. Endi ularning o‘rnini to‘ldirish bilan birga, mahsulotlarning yarmini eksport qilish ham mumkin.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona tajribasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot bo‘ldi. Ular tadbirkorlik, bandlik, bunyodkorlik loyihalari yuzasidan axborot berdi.
– Islohotlarimiz, hududlarga berayotgan imkoniyatlarimiz natijasida hokimlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti. Bugun Toshkent tumanlari katta-katta marralar qo‘yyapti. Eng katta masalalar – ishsizlikni kamaytirish, investitsiya olib kelish va eksport. Mana, «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturini boshladik. Bu ham aholi, ham tadbirkorlar uchun katta imkoniyat. Yana bir muhim vazifa – “Yashil makon” umummilliy loyihamiz. Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish ishlarini davom ettirish, yashil hududlarni ko‘paytirish, odamlarning dam olishi uchun sharoit tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirkorlik, raqamlashtirish, xizmatlar sohasida xorij tajribasini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Xastimom mahallasida bo‘ldi.
Bu yerda 1 ming 500 nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularning ko‘pchiligi hunarmandchilik va savdo bilan shug‘ullanadi.
Davlatimiz rahbari xonadonlardagi sharoitlarni kirib ko‘rdi, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Nuroniylar mahalladagi turmush tarzi, yoshlarning kasb-kori haqida so‘zlab berishdi. Yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarga fayzu baraka tilab duo qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizning barcha hududlarida “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari amalga oshirilmoqda. Yo‘llar, muhandislik tarmoqlari ta’mirlanib, xonadonlarga fayz kirmoqda. Bu mahallani ham “Obod xonadon” dasturi asosida obodonlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
– Har bir insonga munosib sharoit yaratish maqsadimiz va burchimiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari uylarda tashkil etilgan hunarmandlik ustaxonalari va mahalladagi kichik ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi. O‘zini o‘zi band qilishni kengaytirish, turistlar uchun savdo va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri
uza.uz