Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 may kuni chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishi tanlab olinib, alohida e’tibor bilan rivojlantirilmoqda. Bu yil fizika va chet tillari ana shunday ustuvor sohalar etib belgilangan.

O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda.

bugungi kunda yurtimizdagi 25 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qitish chet tilida olib borilmoqda. 2016 yilda ular atigi 7 ta edi. Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o‘quvchilar soni oxirgi 3 yilda 10 baravarga oshgan.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 350 nafar talabaning nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko‘pdir.

Lekin, joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emas. Xususan, ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchisi lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda. 1 ming 400 ta maktabda chet tilini o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz. Bu tizimdagi o‘qituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega. Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzun tumanlarida bunday sertifikatli birorta o‘qituvchi yo‘q. Maktablardagi chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan.

Yig‘ilishda tizimdagi muammolar atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi.

– Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Bu Agentlik dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini ta’lim tizimida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi. Ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi.

Shuningdek, vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.

Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham uning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Agentlik xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi. Chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Agentlik “bog‘cha – maktab – oliy ta’lim – korxona” zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan metodika, tavsiya va darsliklarni ishlab chiqadi hamda joriy etadi.

Toshkent davlat jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch muassasa sifatida belgilanadi.

Davlatimiz rahbari o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish, malakasiga qarab ularni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi. Kelgusi yildan boshlab, ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

Keyingi uch yil davomida maktablardagi 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining barchasi xalqaro sertifikat olishi zarurligi ta’kidlandi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, maktablardagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

Chet tillarini chuqur o‘rgatish maqsadida tuman va shaharlarda 207 ta maktab tanlab olindi. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun mahalliy byudjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratishga ko‘rsatma berildi.

Ixtisoslashgan maktablar va oliy o‘quv yurtlariga til egasi bo‘lgan xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov o‘tkazib, chet tili o‘qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish muhimligi aytildi.

Davlatimiz rahbari chet tillari bo‘yicha eng yaxshi maktablarni aniqlash uchun Prezident sovrinini ta’sis etish taklifini bildirdi.

Bunda tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida tanlov o‘tkaziladi. Tuman va shahar bosqichida 1-o‘rinni olgan maktablar 100 million so‘mdan, viloyat bosqichi g‘oliblari 250 million so‘mdan, mamlakatimiz miqyosidagi eng yaxshi maktab esa 500 million so‘m miqdorida mukofotlanadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham mos ravishda rag‘batlantiriladi. Ushbu maktablarning direktor va o‘qituvchilari davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.

O‘qitish sifati xalqaro andozalarga mos darslik va metodik qo‘llanmalarga ham bog‘liq. Shu bois, ingliz tili bo‘yicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklarini 200 ta maktabda aprobatsiyadan o‘tkazib, keyingi yildan barcha maktablarda tatbiq etish vazifasi qo‘yildi. Bunday ishlar rus, nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari bo‘yicha ham tashkil etiladi.

Sohadagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib borishlari, yangi adabiyot va qo‘llanmalar sotib olishlari uchun har bir chet tili o‘qituvchisiga byudjetdan 1 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Maktabgacha ta’lim vazirligiga YUNISEF bilan hamkorlikda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga chet tillarini o‘qitish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqib, joriy etish vazifasi qo‘yildi.  

Yig‘ilishda oliy ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

bugungi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillari bo‘yicha qabul kvotalari soni 2 baravar ko‘paytirilib, 16 mingtaga yetkazilishi, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi ta’kidlandi.   

Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab, magistratura va doktoranturaga kiruvchilar uchun chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi. Oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda o‘qitish bosqichma-bosqich joriy etiladi. Tabiiy va texnik fanlar bo‘yicha xorijiy darslik va qo‘llanmalardan erkin foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Chet tilini o‘qitishning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy doktoranturada ta’lim olish uchun yiliga 20 ta o‘rin ajratiladi.

Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOIKA, JAYKA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, nodavlat o‘quv markazlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda til o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash, haftaning bir kunini belgilab, xorijiy tillarni o‘rganish uchun sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Til o‘rgatuvchi videodarslar, film va ko‘rsatuvlar yaratish, elektron dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Videoselektor yig‘ilishida mutasaddi rahbarlar va o‘qituvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

uza.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurdi.

Daraxtzorlar – yurtga chiroy beradigan, hayot sifatini oshiradigan manbalardan. Shu maqsadda shahar va tumanlarimizda yangi bog‘ va sayilgohlar tashkil etilmoqda. Bunday “yashil hududlar” so‘nggi yillarda ko‘plab qurilishlar bo‘lib, tobora rivojlanib borayotgan Toshkent shahri uchun, ayniqsa, muhim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimiz yaqinida ulkan manzarali bog‘ barpo etilmoqda. 25 fevral kuni ushbu bog‘ loyihasi muhokama qilingan edi. Bugun unga ilk ko‘chatlar ekildi.

Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat a’zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san’at vakillari, sportchilar, yoshlar yig‘ildi.

– bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog‘ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug‘ ayyom kunlariga to‘g‘ri kelgani ham xosiyatli, deb o‘ylayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi bog‘ nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e’tiborga molik. Bog‘ning umumiy ko‘rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifodalaydi.

Bog‘ni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida osuda dam oladigan so‘lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog‘lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun’iy ko‘l, sport maydonlari, bolalar o‘yingohlari, favvoralar quriladi.

Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.

Prezidentimiz bu majmuaning tarixiy-g‘oyaviy ahamiyatini ta’kidladi.

- Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko‘rsatadigan majmua bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu bog‘ O‘zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko‘pmillatli xalqimizning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham boqqa “Yangi O‘zbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi.

Avval xabar qilinganidek, mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.

 

uza.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  q a r o r i 

Koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, aviatsiya xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish, aholiga ularning narx va sifat jihatidan ommabopligini ta’minlash maqsadida:

1. 2021-2022 yillarda “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organi vakolatlarini, istisno tariqasida, shartnoma asosida “Uzbekistan Airports” AJga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ va xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organlari o‘rtasida xalqaro aeroportlarni haq evaziga boshqarish to‘g‘risidagi shartnomalarning tuzilishini va ichki hujjatlarga zarur o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin. Bunda boshqaruvchining quyidagi asosiy vazifalari nazarda tutilsin:

aeroportlarni rivojlantirish yagona strategiyasi va korporativ siyosatni amalga oshirish, aeroportlar faoliyatiga metodologik rahbarlik qilish;

moliyaviy oqimlarni jamlash, pul mablag‘laridan samarali foydalanish, tannarxni pasaytirish va sof foydani tasarruf etish hamda xaridlarni markazlashtirilgan holda amalga oshirish;

xalqaro aeroportlarning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish tartibini (vakolatlar chegaralarini) “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan belgilash.

3. Belgilansinki, “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibidagi xalqaro aeroportlar 2021 yil 1 maydan 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizgacha kamaytiriladi.

4. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) uch oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar bilan davlat mulki hisoblangan aerodromlar infratuzilmasidan beg‘araz foydalanish to‘g‘risida shartnomalar tuzsin. Bunda shartnomalarda aerodrom infratuzilmasini saqlash, kapital va joriy ta’mirlash shartlari nazarda tutilsin.

Tasarruf etish huquqisiz berilgan mol-mulk aeroport aktivlaridan ajratilgan holda, balansdan tashqari aks ettirilishi hamda mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq bazasiga kiritilmasligi, shuningdek, amortizatsiya ajratmalari hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, ushbu ishlarga sarflangan “Uzbekistan Airports” AJning mablag‘lari Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilansin.

5. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airways” AJga ajratilgan 40 million AQSH dollari miqdoridagi foizsiz byudjet ssudasi mablag‘larining 2022 yil 10 maydan boshlab qaytarilishini ko‘zda tutgan holda, uni qaytarish muddatini 2024 yil
10 fevralga qadar uzaytirsin.

6. “O‘zmilliybank” AJ (A.K.Mirsoatov), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (Sh.A.Vafayev) bir oy muddatda “Uzbekistan airways” AJning mos ravishda 895 milliard so‘m va 77,73 million AQSH dollariga teng bo‘lgan kreditlarni qoplash grafiklarini, 2021-2023 yil uchun qarzdorlik (asosiy qarz va foiz) to‘lovlarini to‘xtatgan holda, qayta ko‘rib chiqsin.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) qarorning mazkur bandi talablaridan kelib chiqib, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan kredit majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va “O‘zmilliybank” AJga berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin.

7. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R. Maxkamov) 3-ilovaga muvofiq havo kemalarini o‘rnatilgan tartibda ochiq savdolar orqali sohada bevosita faoliyat yuritayotgan korxonalarga sotish choralarini ko‘rsin.

8. Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida (keyingi o‘rinlarda – vokzallar) yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

vokzallar binolariga tashrif buyuruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishlariga ruxsat berish;

vokzallar va ularga tegishli hududlarda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish tartibini soddalashtirish;

xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yo‘lovchi avtotransport vositalariga aeroportlarning estakadasidan foydalanishga ruxsat berish;

vokzallarning asosiy tekshiruv punktlarini kirish joylaridagi birlamchi nazorat-tekshiruv postlari bilan birlashtirish.

Davlat xavfsizlik xizmati (A.A.Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev), Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):

uch oy muddatda mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasini tuzgan holda, vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlash tartiblarini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy texnik nazorat vositalari (transport va shaxsni aniqlash vositalari) va usullari bilan to‘liq ta’minlab borish choralarini ko‘rsin.

Davlat xavfsizlik xizmati (A.A.Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov), Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B.Azimov) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda rekonstruksiya qilish hisobiga aviatsiya xavfsizligi xizmati, chegara, bojxona va boshqa qo‘riqlanuvchi hududlardagi o‘zgarishlarni inobatga olib, talab etiladigan shtat birliklariga o‘rnatilgan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritib borsin.

9. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R.Maxkamov) Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B.Azimov) va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda Toshkent shahri, Sergeli tumani, Uchuvchilar shaharchasida joylashgan “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ hududida (maydoni 39 ga) erkin bojxona zonasini tashkil etsin.

Belgilab qo‘yilsinki, erkin bojxona zonasida:

xalqaro huquqiy va texnik me’yorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;

mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini ta’mirlashga zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;

ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;

ta’mirlash maqsadida erkin bojxona zonasiga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.

Transport vazirligi (I.R.Maxkamov), Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B.Azimov), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev), Markaziy bank (M.B.Nurmuratov) bilan birgalikda uch oy muddatda erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini ta’mirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Transport vazirligining Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabini (keyingi o‘rinlarda – Maktab) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Maktabda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda dastlab qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree) asosida “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tashkil etiladi;

Maktabda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt miqdori Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan belgilanadi;

Maktab bitiruvchilariga Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabining belgilangan namunadagi diplomi beriladi va u O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.

11. “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiga kiruvchi aeroportlar:

o‘z ehtiyojlari uchun maxsus texnologik uskunalar, maxsus transport
va axborot-kommunikatsiya mahsulotlarini yetkazib berish haqidagi import kontraktlarini “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkazgan hamda kontrakt tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzishga;

fuqaro aviatsiyasi ob’ektlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi hududida “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar va “O‘zaeronavigatsiya markazi” DUK tomonidan chet el aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatish (eksport) bilan bog‘liq operatsiyalarni, narxlarni xorijiy valyutada belgilagan holda, shuningdek, tashqi savdo shartnomalar tuzmasdan va ular bo‘yicha ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.

13. Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (A.J.Ortiqov) Davlat soliq qo‘mitasining Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 79-uyda joylashgan bino va inshootlarini “Uzbekistan Airport” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlar tekin foydalanishi uchun “Uzbekistan Airport” AJga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev) ushbu bandda ko‘rsatilgan bino va inshootlarni ikki hafta muddatda “Uzbekistan Airport” AJga tasarruf etish huquqisiz tekinga egalik qilish va undan foydalanish uchun berilishini ta’minlasin.

14. Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):

“Uzbekistan Airports” AJ (R.F.Djurayeva), Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M.Xolxo‘jayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda 2030 yilgacha mo‘ljallangan aerodrom komplekslarini rivojlantirish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini har oy muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                     Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 30 aprel

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap-loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalari ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish, yosh tadbirkorlik sub’ektlarining sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Yoshlar ishlari agentligining 1-ilovaga muvofiq ro‘yxatda ko‘rsatilgan hududlarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini (keyingi o‘rinlarda – Yoshlar sanoat zonalari) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Tashkil etilayotgan Yoshlar sanoat zonalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish maydonlari taqdim etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;

yoshlarga ularning sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalari, tashabbuslari va g‘oyalari amalga oshirilishida ko‘maklashish va qulay shart-sharoitlar yaratish;

“startaplar” tashkil etish maqsadida biznes-inkubator vazifalarini amalga oshirish, yosh tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish;

yoshlarga o‘z innovatsion ishlanmalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish borasida amaliy yordam ko‘rsatish;

band bo‘lmagan, shu jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish.

3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov) vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda:

2-ilovada keltirilgan ro‘yxatdagi 77 ta Yoshlar sanoat zonalari – 2021 yil 1 sentyabrgacha;

qolgan barcha Yoshlar sanoat zonalari – 2022 yil 1 yanvargacha to‘liq ishga tushirilishini ta’minlasin.

4. Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashning manzilli dasturi (keyingi o‘rinlarda – Manzilli dastur) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan 100 million AQSH dollari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari;

Jamg‘armaning bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan va importning o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish;

meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallari, hunarmandchilik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish va boshqa yo‘nalishlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish;

mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish.

7. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Jamg‘armaga 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ning 50 foizi ikki oy muddatda boshlang‘ich kapitalni shakllantirish uchun, qolgan 50 foizi olti oy muddatda ajratilishini ta’minlasin.

8. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif kiritsin.

9. Belgilansinki:

a) Manzilli dasturda nazarda tutilgan ishlar 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar, shuningdek, mahalliy byudjet va ta’minotchi tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

b) Yoshlar sanoat zonalari muhandislik-texnik kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan yoki o‘tkazish oson bo‘lgan, faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarida tashkil etiladi;

v) Yoshlar sanoat zonalariga joylashtirish uchun investitsiya loyihalari tuman (shahar) hokimlari rahbarligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan tanlab olinadi;

g) Yoshlar sanoat zonalari hududida maydoni 1000 m² gacha bo‘lgan yer uchastkalari, istisno tariqasida, elektron auksion savdosi o‘tkazmasdan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarori bilan ajratiladi. Bunda, bo‘sh bino va inshootlar (davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari) shartnoma asosida har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun belgilanadigan ijara to‘lovining eng kam miqdoridan oshmagan stavkalarida ijaraga beriladi;

d) patent asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta’minlovchi startap-investitsiya loyihalari, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari, shuningdek, import o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun mo‘ljallangan, shu jumladan, bandligi ta’minlanmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash nazarda tutilgan investitsiya loyihalari Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirilishida ustuvorlikka ega bo‘ladi;

ye) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida:

moliyaviy resurslar tijorat banklari tomonidan bir yosh tadbirkorlik sub’ekti uchun bir yo‘la 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda 7 yilgacha muddat bilan taqdim etiladi;

qiymati 100 ming AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan investitsiya loyihalari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, undan oshgan qismi esa ushbu qarorda nazarda tutilgan imtiyozlarsiz, tijorat banklari orqali umumiy tartibda taqdim etiladi;

tijorat banklariga investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun moliyaviy resurslar Jamg‘armaning mavjud mablag‘lari doirasida, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etiladi;

tijorat banklari milliy valyutadagi kreditlarni o‘z marjasi miqdorini 4 foizdan oshirmasdan yillik 14 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlarni – o‘z marjasi miqdorini 1 foizdan oshirmasdan yillik foiz stavkasini 3 foiz miqdorida belgilagan holda ajratadi;

tijorat banklari ajratilgan moliyaviy resurslarning maqsadli foydalanilishi va to‘liq qaytarilishini doimiy monitoring qilib boradi;

j) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun binolar qurish maqsadlariga moliyaviy resurslar Jamg‘armaning moliyaviy ko‘rsatkichlari va uning resurs bazasidan kelib chiqqan holda beriladi, shu jumladan:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga yosh tadbirkorlik sub’ektlari uchun bino qurishga beriladigan moliyaviy resurslar milliy valyutada yillik 10 foiz stavkasi miqdorida belgilangan holda taqdim qilinadi;

tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik sub’ektlariga binolarni lizing asosida berish milliy valyutada yillik 14 foiz stavkasini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.

Bunda, yosh tadbirkorlik sub’ekti boshlang‘ich to‘lov sifatida lizingga beriladigan bino qiymatining 10 foizini tashkil qiluvchi qismini to‘laydi.

10. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 31 dekabrga qadar Yoshlar sanoat zonalari hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining ta’minoti bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

a) Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beradi;

b) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ziyod bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda, yillik 2 foiz stavkasida sug‘urta polisini taqdim etadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan tartib soliqlar hamda oldingi tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan yosh tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etilmaydi.

11. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin.

12. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yosh tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya loyihalarini tanlab olish, amalga oshirishni moliyalashtirishni tashkillashtirish va yer maydonlarini ajratish jarayonlarining avtomatlashtirilishini ta’minlash maqsadida tegishli veb-sayt ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlasin.

13. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish, rivojlantirish va faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilansin, uning hududiy boshqarmalari zimmasiga joylarda Yoshlar sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatilsin.

14. Quyidagilar:

Bosh vazirning o‘rinbosari S.U.Umurzakovga – vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Yoshlar sanoat zonalari rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, ularning hududida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish
hamda Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bilan bog‘liq jarayonlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga – ishchi guruhlari tomonidan Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiya buyurtmanomalarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, yosh tadbirkorlik sub’ektlariga yer maydonlari va bo‘sh binolar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirish bo‘yicha qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilish;

energetika vaziri A.S.Sultanovga, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sh.S.Xidoyatovga, axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikovga, transport vaziri I.R.Maxkamovga – Yoshlar sanoat zonalari hududidagi investitsiya loyihalarining ob’ektlari foydalanishga topshirilgunga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini hamda mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, ularga talab etiladigan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash;

iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari A.M.Boboyevga – Manzilli dasturda belgilangan mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ajratilishi ustidan nazorat qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

15. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har chorakda Yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish hamda Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi har chorakda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida tanqidiy muhokama qilsin hamda o‘z vaqtida
va to‘liq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralarni ko‘rsin.

17. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                                          Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 21 aprel

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Kapital bozorini yanada rivojlantirish, qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini ko‘paytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning fond bozoridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida:

1. Kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023 yil yakuniga qadar 45 trillion so‘mga yetkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil bo‘lgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish;

xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish;

kapital bozorining uyg‘un faoliyati va uning barcha segmentlari rivojlanishini ta’minlash orqali 2023 yil yakuniga qadar respublika va hududiy investitsiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga yetkazish;

sohaga ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

xalqaro mezonlar va tajribalarni joriy qilgan holda, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini va tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni ta’minlovchi qonunchilik bazasini yaratish;

kapital bozorini zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, istiqbolli, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish;

kapital bozori uchun soha mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish;

minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023 yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.

2. Quyidagilar:

2021-2023 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq; 

2021-2023 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish natijasida erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq; 

2021-2022 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Belgilab qo‘yilsinki:

erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning umumiy hajmini yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foiziga yetkazish Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi;

2023 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy emitentlar o‘z aksiyalarini dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan so‘ng anderrayter tavsiyasiga ko‘ra xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin;

ommaviy savdolar orqali aksiyalarni IPO yoki SPO usulida joylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi.

4. Ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifini quyidagi shartlarda o‘tkazish belgilansin:

IPO yoki SPO yo‘li bilan sotiladigan aksiyalarni xarid qilish uchun arizalarni to‘plash ushbu IPO yoki SPOni o‘tkazish shartnomasi tuzilgan anderrayter yoki anderrayterlar guruhi tomonidangina amalga oshiriladi;

anderrayter aksiyadorlik jamiyatini dastlabki o‘rganish natijalari asosida aksiyalar xaridi bo‘yicha arizalarni to‘plash uchun narx chegaralarini belgilaydi;

IPO va SPO yo‘li bilan aksiyalarni taqsimlash aksiyalarga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda, anderrayter tomonidan aniqlanadigan yagona narx asosida amalga oshiriladi;

anderrayterga aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnoma asosida aksiyalar taqsimlanadigan investorlarni tanlash, shuningdek, investorlarga IPO va SPO doirasida xarid qilingan aksiyalarni sotish taqiqlanadigan muddatni belgilash huquqi beriladi.

5. Markaziy bank 2021 yil 1 noyabrga qadar “Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi” DK hisob raqamlari Markaziy bankka o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. Moliya vazirligi, Markaziy bank, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining “Moliya va investitsiya savodxonligi” dasturini quyidagi tamoyillar asosida amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar, jumladan, kapital bozori hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish bilan bog‘liq tashabbuslarni hamjihatlikda amalga oshirgan holda mutasaddi tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

ilg‘or xorijiy o‘quv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid ta’lim tadbirlariga keng jalb qilish;

umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda noiqtisodiy yo‘nalishdagi oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun “Moliyaviy savodxonlik” o‘quv kursini fan sifatida joriy etish. Ushbu fan doirasida mablag‘larni to‘g‘ri boshqarish, oqilona moliyaviy qarorlar qabul qilish, jumladan, moliyaviy instrumentlar bo‘yicha o‘qitish metodologiyasini ishlab chiqish hamda “Moliyaviy savodxonlik olimpiadalari”ni tashkil etish orqali o‘quv kursining samaradorligini baholash;

aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy, shu jumladan, investitsiya bo‘yicha savodxonligini oshirish borasidagi barcha tadbirlarni 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi doirasida amalga oshirish.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu farmonning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 5-ilovaga muvofiq 2021 yil 1 maydan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

9. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A Ishmetov belgilansin.

Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov: 

ikki hafta muddatda Dasturning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari hamda xorijiy ekspertlardan iborat ishchi guruhlari shakllantirilishini va ularning faoliyatini samarali tashkil etilishini;

ikki oy muddatda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi mazkur farmonga 4-ilovada belgilangan har bir korxona bo‘yicha alohida “yo‘l xarita”lari tasdiqlanishini ta’minlasin.

Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

              Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 13 aprel

 

uza.uz

Surxonstat.uz
Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech
Tugmani bosing Tinglash
Tugmani bosing Tinglash