03/10/2022

 
 

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram oldidan O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigi sohada faoliyat yuritayotganlarga o‘zgacha quvonch bag‘ishladi.

Davlatimiz rahbari tabrigida xalqimiz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb bilishini, hamisha boshiga ko‘tarib e’zozlashini alohida ta’kidladi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ustoz” deb nomlangan she’ri xayoldan o‘tadi.

Sohibqiron yotar ustoz poyida,

Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.

Ustoz buyuk degan buyuk qoida

Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat.

 

Aflotunga shogird edi Arastu,

Ul shogirdga shogird bo‘ldi Iskandar.

Bu oltin silsila davomi mangu,

O‘zi ustoz bo‘lar ustoz ko‘rganlar.

 

Bormi murabbiydan baxtliroq inson,

Shogirdlari qilsa yuksakka parvoz.

Boshimizga tojsiz, bor bo‘ling omon,

Tabarruklar ichra tabarruk ustoz!

Fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnati hamisha ulug‘lanadi. Ularning xizmatlari sabab yoshlar har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Barcha sohalarda katta yutuqlarga erishiladi.

Sohaning fidoyilari haqida gap ketganda 12 nafar “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini olgan ustozlar haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi. Quyida ulari haqida qisqacha ma’lumotlarni keltiramiz.

1. Manzura Madaliyeva – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan ilk muallima (1997 yil). Qo‘qon shahridagi 10-umumta’lim maktabida matematika fanidan saboq bergan. Muallima o‘tkazgan ochiq darslar, matematika kechalari mamlakatimiz bo‘ylab namunali dars sifatida ko‘rsatilgan. Ko‘plab shogirdlari bugungi kunda jamiyatda o‘zining mustahkam o‘rnini topib ulgurgan.

2. Mavluda Ismatova – 1999 yil oliy sharafga muyassar bo‘lgan. U Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 273-umumta’lim maktabida uzoq yillar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan. Iqtidorli o‘quvchilar bilan tizimli ishlash, o‘g‘il-qizlarning qiziqish va layoqati, intellektual salohiyatiga qarab fanlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tarzda bilim berish metodikasini amaliyotga joriy etgan.

3. Vera Pak – Xiva shahridagi 20-Mehribonlik uyida uzoq yillar mehr-muruvvatga intiq, norasida bolalarni tarbiyalash, ularni el koriga kamarbasta insonlar etib kamolga yetkazishga ulkan hissa qo‘shgan. O‘zining uzoq yillik pedagogik faoliyati mobaynida ota-ona mehriga tashna ko‘plab bolalarning yuragida hayotga, kelajakka mustahkam ishonch uyg‘otgan. Fidokorona mehnatlari munosib baholanib, 2001 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoniga sazovor bo‘ldi.

4. Marat Zokirov – Jizzax Davlat pedagogika instituti qoshidagi iqtidorli bolalar litseyi direktori lavozimida ishlagan kezi – 2002 yilda ushbu oliy mukofotga sazovor bo‘lgan.

5. Anor Mahmudova – 2004 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Uzoq yillar Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 5-maktab direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Qahramon pedagog matematikaning nechog‘li jozibador va maftunkor fan ekanini o‘quvchilarga isbotlagan.

6. Same Samatov – Guliston davlat universiteti qoshidagi akademik litsey direktori bo‘lgan kezlari (2006 yil) O‘zbekiston Qahramoni, degan yuksak nomga munosib topilgan

7. Egambergan Karimov – 2008 yil oliy mukofotga sazovor bo‘lgan vaqtda Urganch avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

8. Kamoliddin G‘opirov – Shahrixon tumanidagi 53-maktab internati direktori sifatida faoliyat yuritayotgan vaqtda (2010 yil) O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan.

9.Turg‘un Azlarov – Shayxontohur tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga matematika va informatika fanlaridan uzoq yillar saboq bergan. 2013 yilda oliy mukofotga sazovor bo‘lgan. Aniqlolmadim. 

10. Shukurjon Mamatqulov – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga 2014 yilda, Oltinko‘l iqtisodiyot kolleji direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan vaqtda sazovor bo‘lgan.

11. Muhabbat Sharapova – 2016 yilda oliy sharafga sazovor bo‘lgan yili Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. Uning ko‘plab o‘quvchilari xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozongan.

12. Shavkat Ayupov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori. Matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Ayupovga 2021 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilgan.

O‘zA suratlari

Tugmani bosing Tinglash GSpeech