03/10/2022

 
 

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida eng yaxshi deb topilgan andijonlik informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari taqdirlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq ta’limi vazirliklari, IT Park hamda “Dubai Future Foundation” tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan mamlakatimiz umumta’lim maktablarining eng yaxshi informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini rag‘batlantirish belgilangan.

Joriy yilda IT ta’limi va loyihani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mamlakatimiz miqyosida umumta’lim maktablarining 100 nafar eng yaxshi informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari orasidan andijonlik 11 nafar o‘qituvchi mukofotga loyiq deb topildi.

G‘olib o‘qituvchilarni taqdirlashga bag‘ishlab Andijon Digital City texnoparkida o‘tkazilgan tadbirda loyiha doirasidagi ishlar mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganligi ta’kidlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.Samadov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i v.b. D.Turdiyev tomonidan g‘olib ustozlarga maxsus sertifikat va pul mukofotlari topshirildi.

 

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA

Tugmani bosing Tinglash GSpeech