23/06/2022

 
 
Poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida "Navqiron O‘zbekiston" respublika yosh ijodkorlarning amaliy san’at ko‘rgazmasi boshlandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisining o‘rinbosari Farhod Toshmuhamedov, "Tasviriy oyina" respublika ijodiy uyushmasi raisi Iskandar Latipov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev mamlakatimiz badiiy-ijodiy jarayonida yosh iste’dodlarning hissasi tobora faollashib borayotganini ta’kidladi. 

Bu borada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan tasviriy va amaliy san’at haftaliklari, nafis san’at festivallari, respublika miqyosidagi ko‘rgazmalarning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda. 

2022 yil - "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"ga bag‘ishlab tashkil etilgan ijodiy loyiha bu yil mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan amaliy san’at ijodkorlari faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirishga yo‘naltirilgan. 

Ko‘rgazmada mamlakatimizning barcha hududlari, Qoraqalpog‘istondan kelgan 18 yoshdan 33 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda. Unda 70 dan ortiq yosh amaliy san’at ustalarining qariyb mingga yaqin ijodiy ishi namoyish etilmoqda. 

"Navqiron O‘zbekiston" respublika yosh ijodkorlarining amaliy san’at ko‘rgazmasining ilk kunida Toshkent kulolchilik zavodiga sayohat, O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi Akbar Rahimov kulolchilik maktabida uchrashuv va mahorat darsi ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Nazokat Usmonova, O‘zA

Tugmani bosing Tinglash GSpeech