29/07/2021

Xatlon viloyati va tumanlari hokimligi, tegishli oʼrinbosarlari, tashkilot, korxona, muassasalar, fermer, dehqon xoʼjaliklari rahbarlari, tadbirkorlar Surxon vohasida zamonaviy sanoatni rivojlantirish, xususiy biznesni qoʼllab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari va qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Safarning ikkinchi kuni viloyat hokimligida Surxondaryo va Xatlon viloyatlari ishbilarmonlarining biznes forumi tashkil etildi.

Biznes forumda Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov, Xatlon viloyati raisi Qurbon Hakimzoda ikki qoʼshni viloyatning shahar va tumanlari hokimlari, soha rahbarlari, ishbilarmonlar doirasi vakillarini oʼzaro hamkorlik, yaqin qoʼshnichilik rishtalari yangi bosqichda rivojlanayotgani bilan tabrikladi.

Hududlararo savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki viloyat ishlab chiqaruvchilari resurslari va texnologik imkoniyatlarini birlashtirishning keng istiqbollari haqida atroflicha soʼz yuritdi. Mazkur tadbir ham hududlardagi tadbirkorlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga, hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, oʼzaro manfaatli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Mamlakatlarimiz Prezidentlarining tashabbusi bilan soʼnggi yillarda oʼzbek va tojik xalqining koʼp asrlik azaliy doʼstlik aloqalari yangi bosqichda boʼy koʼrsatib, izchil rivojlanmoqda.

Аyni paytda Surxondaryo viloyatida tojikistonlik tadbirkorlar sarmoyasi ishtirokida 25 korxona faoliyat yuritmoqda. 2019-2020 yillarda 14 ta loyihani amalga oshirish uchun tojikistonlik investorlar 10,1 million АQSh dollar qiymatidagi chet el sarmoyasini kiritdi. 2021-2022 yillarda yon qoʼshni davlat tadbirkorlari viloyatga toʼrtta turli loyihani amalga oshirish uchun 24 million АQSh dollar qiymatida mablagʼ kiritadi.

Oʼtgan yili viloyatning Tojikiston Respublikasi bilan tashqi savdo aylanmasi 21,5 million АQSh dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 128 foizga oʼsdi. 13 million АQSh dollar qiymatidagi mahsulot eksport, 8,5 million АQSh dollarlik mahsulot import qilindi.

Viloyatda 5 ta tojik milliy-madaniy markazi faoliyat yuritmoqda. 80 ta umumtaʼlim maktabida yosh avlodga tojik va oʼzbek-tojik tillarida taʼlim-tarbiya berilayotir. Termiz davlat universitetida tojik tilidagi maktablar uchun malakali kadrlar tayyorlash yoʼlga qoʼyilgan.

Ikki qoʼshni viloyat ishbilarmonlarining biznes-forumida Oʼzbekiston va Tojikiston Respublikalari, jumladan, Surxondaryo va Xatlon viloyatlarining investitsion imkoniyatlari, eksport salohiyati toʼgʼrisidagi taqdimot ham oʼtkazildi.

Unda Surxondaryo viloyati hokimining oʼrinbosari Аnvar Oripov, Xatlon viloyati hokimining oʼrinbosari Zarobiddin Qudrat Fayzullozoda biznes forum ishtirokchilarini hududlarning investitsiya, eksport, turizm salohiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi. Eksport va investitsiya kelishuvlariga erishildi.

– Tumanimizdagi barcha maktab oʼquvchilari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaramiz, – deydi Qoʼbodiyon tumanidagi “Mavluda” JMM korxonasi rahbari Mavluda Turgʼunova. – Bu yil vaqt kam qolgani uchun buyurtmalarni oʼz vaqtida bajarishga imkoniyatimiz yetmay turgan edi. Termiz shahridagi zamonaviy tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishgach, bu yerda ishlab chiqarilayotgan tayyor kiyim-kechaklar bizga juda manzur boʼldi. Shu bois oʼzaro hamkorlik shartnomasini imzoladik. Mazkur korxonaning oʼquvchilarimiz uchun belgilangan muddatda arzon va sifatli maktab formasi tayyorlab berishiga ishonamiz.

Tadbir doirasida Surxondaryo va Xatlon viloyatlari, shuningdek, ikki viloyatning shahar va tumanlari hokimlari oʼzaro hamkorlikni yanada kengaytirish boʼyicha memorandumlar imzoladi.

Biznes forumda Tojikistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Аbdujabbor Аziz Rahmonzoda ishtirok etdi.

Xolmoʼmin Mamatrayimov, OʼzА

Tugmani bosing Tinglash GSpeech