Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech

Odatda qish-bahor mavsumida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, mahsulotlar narxi, xavfsizligi oʼta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Qish eshik qoqib turgan ayni kunlarda Surxondaryo viloyatida ham 2019-2020 yillar qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini zahiraga jamgʼarish, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash, oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojni toʼla qondirish yuzasidan izchil amaliy harakatlar qilinayapti.

Bugun, 28 oktyabrь kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida oʼtkazilgan navbatdagi hokimlik soati yigʼilishida boshqa dolzarb masalalar qatori oziq-ovqat mahsulotlari zahirasini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.

Belgilangan reja asosida viloyatda qish-bahor mavsumi uchun kartoshka, piyoz, guruch, sabzi va dukkakli don ekinlaridan iborat jami 25 046 tonna asosiy turdagi qishloq xoʼjaligi mahsulotlari zahirasini yaratish koʼzda tutilgan.

Yigʼilishda viloyat hokimi Toʼra Bobolov aholi va ijtimoiy soha muassasalari uchun oziq-ovqat zahirasini tayyorlashda sustkashlikka yoʼl qoʼymaslik, ushbu masalaga oid muammolarni tezkor hal qilish va zahira tadbirlarini toʼliq amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʼrsatmalar berdi.

Shuningdek, yigʼilishda aholi va ijtimoiy soha obʼektlarini 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash, fuqarolarning ayrim toifalari hamda ehtiyojmand oilalar uchun qurilayotgan arzon uy-joylarda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, viloyatda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʼliq joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori ijrosi bilan bogʼliq masalalar ham atroflicha tahlil etilib, muhim vazifalar belgilab olindi.

Surxonstat.uz
Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech
Tugmani bosing Tinglash
Tugmani bosing Tinglash