Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech

Sanoatda mahalliylashtirish va kooperatsiyani keskin kengaytirish masalalari muhokama etildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-sentyabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va koʻlamini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilayotgani, tashqi savdo va valyuta operatsiyalari erkinlashtirilgani natijasida sogʻlom raqobat muhiti, haqiqiy bozor iqtisodiyoti shakllanmoqda.

Yigʻilishda Oʻzbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

– Eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga yoʻnaltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va koʻlamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentning joriy yil 24-avgustdagi qarorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish belgilangan edi. Yigʻilishda ushbu tizimning samarali ishlashini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi. Mahalliylashtirishni kengaytirishga qaratilgan eng muhim yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.

Tarmoqlar va yirik korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasi muhokama qilinar ekan, joriy yilning oʻtgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yoʻgʻi 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi. Bu boradagi ishlar sust tashkil etilgan “Oʻzmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar faoliyati tanqid qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlarini oʻzlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish, elektron kooperatsiya portalini tezroq ishga tushirib, sanoat mahsulotlari yetkazib berish shartnomalarini elektron tuzish koʻlamini kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

Hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni keskin kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilda hududiy import oʻsishi tarmoqlardagiga nisbatan 2 barobar yuqori boʻlishi kuzatilmoqda. Bu hududlarda ishlab chiqarishni keskin koʻpaytirish uchun katta ehtiyoj borligini yaqqol koʻrsatadi. Masalan, yaqinda soha vakillaridan iborat ishchi guruhlar toʻrtta shaharga borib, Angrenda 38 ta, Navoiyda 13 ta, Namanganda 29 ta va Chirchiqda 18 ta yangi mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirdi.

Shu tartibda har bir hudud boʻyicha mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Yer maydonlari, tayyor binolar va infratuzilmaga ega boʻlgan kichik sanoat zonalari bu borada katta imkoniyat yaratadi. Lekin yurtimizdagi 156 ta ana shunday zonadagi loyihalarning atigi 13 foizi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. 80 ta shahar va tumanda birorta ham mazkur turdagi hudud tashkil qilinmagan.

Mutasaddilarga barcha kichik sanoat zonalarida import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini koʻpaytirish, oʻsha 80 ta shahar va tumanda shunday zonalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Import qilinayotgan texnologik uskunalardan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Chunki joylarda chetdan valyutaga olib kelingan texnologiyalar ishlatilmay turgan koʻplab holatlar aniqlangan. Bunga yer ajratish, qurilishga ruxsat berish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulash kabi masalalar toʻsiq boʻlgan.

Davlatimiz rahbari uskunalar xarid qilgan tadbirkorlar muammolarini tezda hal etish, rejalashtirilgan korxonalarning ishlab ketishiga koʻmaklashish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berdi. Biznes-ombudsmanga import qilingan texnologik jihozlarni ishga tushirishgacha boʻlgan barcha jarayonni tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida muvofiqlashtirish tavsiya etildi.



Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda yetakchi boʻlgan yirik loyihalarni oʻz muddatida amalga oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, “Navoiyazot” negizida 100 ming tonna polivinilxlorid, Toshkent metallurgiya zavodida 500 ming tonna metall prokati, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida 744 ming tonna dizel yoqilgʻisi, Toshkent mexanika zavodida maishiy texnika ishlab chiqarish klasteri, “Kvars”, “Sirdaryo Glass” va “Zarafshon oyna” korxonalarida oyna ishlab chiqarish loyihalari yiliga 2,5 milliard dollar miqdorida mahalliylashgan mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, ularning atrofida boshqa kichik ishlab chiqarishlar ham rivojlanadi va yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Bosh vazir va Hisob palatasi rahbariga ushbu yirik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirishni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mahalliylashtirishni qoʻllab-quvvatlash masalasi koʻrib chiqilar ekan, bunday loyihalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kafillik berish va kredit foiz stavkasini qisman qoplash tizimidan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, bojxona toʻlovlarini 120 kungacha uzaytirib toʻlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirgan korxonalarning tayyor mahsulotlarini sertifikatlash va standartlashtirish masalalarida koʻmaklashish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Davlat xaridlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va ragʻbatlantirish, tashqi savdoni tarif usuli bilan boshqarish samaradorligini oshirish boʻyicha ham ustuvor vazifalar belgilandi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoqlar va hududlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Surxonstat.uz
Welcome to Surxonstat   Click to listen highlighted text! Welcome to Surxonstat Powered By GSpeech
Tugmani bosing Tinglash
Tugmani bosing Tinglash